OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
2023-yil 27-iyuldagi PQ-242-son qarori
“FARGʻONAAZOT” AKSIYADORLIK JAMIYATIDA MAVJUD QUVVATLARDAN SAMARALI FOYDALANISH HAMDA ICHKI VA TASHQI BOZORDA TALAB YUQORI BOʻLGAN MAHSULOTLAR ISHLAB CHIQARISHNI TAʼMINLASH CHORA-
TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Kimyo tarmogʻini yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda kimyo mahsulotlarini ishlab chiqarishning mavjud quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish hamda korporativ boshqaruvning zamonaviy usullarini tatbiq etish maqsadida:
1. Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining qaroriga asosan “Fargʻonaazot” aksiyadorlik jamiyati (keyingi oʻrinlarda — Jamiyat) ustav kapitalidagi 99,02 foiz aksiyalar paketini xususiylashtirish boʻyicha tender yakunlari Jamiyat aksiyalar paketini 130 mln AQSh dollari va 107 mlrd soʻmga sotib olish hamda investitsiya kiritish sharti bilan “Indorama Sorporation Pte Ltd” kompaniyasi savdo gʻolibi etib topilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi “Indorama Sorporation Pte Ltd” kompaniyasi bilan investitsiya bitimini imzolasin.
Bunda, Jamiyatning:
Ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish loyihasi texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish natijalariga koʻra 5 yil muddatda 100 million AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritilishi; barcha joriy ijtimoiy dasturlar saqlab qolinishi, jumladan xodimlar sonini va ularning mehnatiga toʻlanadigan haq miqdorini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish, ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv tamoyillari (ESG) joriy qilinishi nazarda tutilsin.
3. Belgilansinki, Jamiyat mahsulotlarni tashqi va ichki bozorga toʻgʻridan-toʻgʻri yoxud birja savdolari orqali erkin realizatsiya qiladi.
4. Energetika vazirligi, “UzGasTrade” AJ, “Oʻztransgaz” AJ Jamiyatni xususiylashtirish boʻyicha oldi-sotdi shartnomasiga muvofiq tabiiy gazni ishlab chiqarish va yetkazib berish imkoniyatidan kelib chiqqan holda Jamiyatni 10 yil davomida mahsulot ishlab chiqarish uchun zarur hajmlarda tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va “Oʻzkimyosanoat” AJning 1-ilovaga muvofiq xoʻjalik jamiyatlari ustav kapitalidagi Jamiyatga tegishli ulushlarni (aksiya paketlarini) Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga balans (qoldiq) qiymatida begʻaraz berish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining va Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
7. Mazkur qaror ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori A.J. Ortikov belgilansin.
Qaror ijrosini taʼminlash uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV