KARBAMID SEXINING TAYYOR MAHSULOT SAQLASH OMBORIDA O‘TKAZILGAN O‘QUV-AMALIY TAKTIK MASHG‘ULOTI TO‘G‘RISIDA
“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati nafaqat mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan mineral o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchisi, balki ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligi, texnogen xavfsizlik va mehnat muhofazasini ta'minlashda ham doimo yuqori mas’uliyat bilan ish olib boradi.
Joriy yilning 18-iyul kuni “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida Karbamid sexining tayyor mahsulot saqlash omborida maxsus o‘quv-amaliy taktik mashg‘ulot o‘tkazildi. Ushbu mashg‘ulot korxonadagi favqulodda holatlarga tayyorlik darajasini oshirish, muvofiqlashtirilgan harakatlar algoritmini sinovdan o‘tkazish hamda sanoat obyektlarida yong‘in xavfsizligini ta'minlash samaradorligini baholash maqsadida tashkil etildi.
Mashg‘ulot ssenariysiga ko‘ra, Karbamid sexining 806/2-binosida joylashgan PT-2504 qurilmasida nosozlik natijasida shartli ravishda yong‘in chiqishi holati yaratildi. Ushbu holatda:
Yong‘inni aniqlash va lokalizatsiya qilish
Zararli gazlarning tarqalish xavfini bartaraf etish
Jabrlanganlarni evakuatsiya qilish va ularga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish
Favqulodda vaziyatlar boshqaruvi bo‘yicha kuchlar o‘rtasidagi o‘zaro muvofiqlashtirish mexanizmini tekshirish – asosiy yo‘nalishlar bo‘ldi.
Mazkur tadbir Sanoat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda Qutqaruv otryadi, Davolash-sog‘lomlashtirish diagnostika sexi (Tibbiy xizmat), Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati, Farg‘ona viloyati FVB Obyektlarda yong‘in xavfsizligini ta’minlashni tashkil etish bo‘limi hamda Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi Qo‘riqlash departamenti alohida bataloni xodimlari ishtirok etdi.
Mashg‘ulot davomida barcha bo‘linmalar o‘zaro hamkorlikda yuqori tezlik va aniqlik bilan harakat qilib, favqulodda holatlarni bartaraf etish bo‘yicha real sharoitdagi ko‘nikmalarini amalda namoyon etdilar. Xususan, zararli modda tarqalishi xavfi tezda cheklab olindi, jabrlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, xavfsiz hududga evakuatsiya qilindi.
Bunday mashg‘ulotlar – nazariy bilimlarni amaliy tajriba bilan mustahkamlash, xavfli vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qilish ko‘nikmalarini oshirishda muhim omildir.
“Farg‘onaazot” matbuot xizmati