Ру O`z En

INSON AZIZ, XOTIRA MUQADDAS!

Bugun “Farg‘onaazot” AJda 9 - may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan korxonada halol mehnat qilib  o‘zidan yorqin iz qoldirgan, hayot yo‘lini jamiyat bilan chambarchas bog‘lagan, boy hayotiy va mehnat tajribaga ega va albatta, kelajak avlodga o‘rnak, ustoz bo‘lib kelayotgan mehnat faxriylari bilan birgalikda “Ikki avlod uchrashuvi” tashkil etildi. 

 Faxriylar Abdupatto Solijonov, Muhammad Mahmudov, Jonmirza Arifov, Axmed Mahmudov, Marlen Ilyasov,  Gulchehra Yakubova hamda Abdulboqi Artiqovlar jamiyat xodimlariga o‘zlarining mehnat faoliyatlari, korxonaning qurilish tarixi va mavzu bilan bog‘liq qiziqarli voqealarni so‘zlab berdilar. Suhbat davomida xodimlar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mehnat faxriylarga yuzlandilar.

Korxona tarixiga nazar tashlanib, xodimlar uchun jamiyatning shakillanishi to‘g‘risidagi videorolik qo‘yib ko‘rsatildi. Barchaga birdek manzur bo‘lgan tadbir so‘nggida mehmonlarga jamiyat Kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

 Ta’kidlash lozimki, nuroniylarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ular holidan xabar olish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash jamiyatimizda  an’anaga aylangan. Yurtimizning bugungi tinch-osoyishta hayoti uchun jasorat ko‘rsatib fido bo‘lgan vatandoshlarimiz xotirasini yod etish esa eng oliy vazifamiz deb belgilangan.

           “Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati barcha hamkasblarimizni, vatandoshlarimizni yaqinlashib kelayotgan 9-may Xotira va qadrlash kuni bilan chin qalbdan muborakbod etadi.  Barchaga sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadonlaringizga qut-baraka, yurtimizga osoyishtalik tilaydi!

 

“Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech