“DINIY EKSTREMIZM VA TERRORIZMGA QARSHI KURASH” MAVZUSIDA DAVRA SUHBATI O‘TKAZILDI
Joriy yilning 21-avgust kuni Mehnatni tashkil etish va ish haqi bo‘limi xodimlari uchun “Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurash” mavzusida navbatdagi davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirni Komplaens-nazorati xizmati boshlig‘i G‘ofurjon Jabborov olib bordi. U o‘z ma’ruzasida diniy ekstremizmning ijtimoiy-psixologik ildizlari, radikal g‘oyalar targ‘ibotida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining o‘rni hamda xodimlarning kiberxavfsizlik madaniyatini yuksaltirish zarurligi haqida atroflicha to‘xtaldi.
Shuningdek, suhbat davomida jamiyat boshqaruvi raisining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi E’zozxon Abdullayeva va Tartib-maxfiy boshqarmasi yetakchi muhandisi Dilmuhammad Eshonov so‘zga chiqib, bugungi globallashuv jarayonida diniy ekstremizm va terrorizm insoniyat xavfsizligi hamda jamiyat barqarorligiga jiddiy tahdid solayotgan omillardan biri hisoblanishi va shu bois, korxonamizda xodimlarning mafkuraviy savodxonligini oshirish, ularni yot g‘oyalar ta’siridan asrash va sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash maqsadida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yilganiga alohida e’tibor qaratdilar.
Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan davra suhbati davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarni berdilar, dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar. Bu esa tadbirning nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham samaradorligini ta’minladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati