Ру O`z En

“FARG’ONAAZOT” AKSIYADORLIK JAMIYATINING RASMIY BAYONOTI

Bugun ijtimoiy tarmoqdagi kanallarning birida “Farg’onaazot” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga daxldor masala yuzasidan, “Azot zavodi rahbariyati transport harakati cheklanganini inobatga olmayapti” nomli xabar e'lon qilindi. Shu munosabat bilan “Farg’onaazot” aksiyadorlik jamiyati quyidagilarni ma'lum qiladi:

Avvalo “Farg’onaazot” aksiyadorlik jamiyati tomonidan o‘rnatilgan tartibda, xodimlarga, shu jumladan tumanlardan qatnab ishlaydigan xodimlarga maksimal darajada mehnat ta'tili berilganligini, qolaversa karantinga oid choralarga amal qilish maqsadida qolgan ishchi-xodimlarni maksimal darajada masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazilganligini ta'kidlab o‘tish joiz.

Xabarda keltirilgan “Farg‘ona azot zavodida ishlaymiz. Ayni paytda Toshloq, Farg‘ona, Quva tumanlari, Marg‘ilon, Quvasoy shaharlarida jamoat transporti va taksi xizmati to‘xtagan, shaxsiy mashinadan ham foydalanish mumkin emas.” jumlalariga javoban: Respublika maxsus komissiyasining qaroriga asosan 2020 yil 30 mart soat 06:00 dan 20 aprel' soat 00:01 ga qadar Viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda Viloyatlar markazlarida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida avtotransport vositalari harakatlanishiga ruxsat beriladi. Qolgan hududlar bundan mustasno ekanligini ta'kidlab o‘tish joiz.

Korxonaning barcha tasdiqlangan yo‘nalishlari bo‘yicha avtobuslar qatnovi o‘rnatilgan tartibda amalga oshirilib kelinmoqda. Qolaversa korxona ishchi-xodimlariga qulaylik yaratish maqsadida qo‘shimcha uchta yo‘nalishlarda avtobuslar xarakati tashkil etilgan.

Xabarda keltirilgan “Zavod rahbariyati esa ishga bormagan ishchilarga tazyiq o‘tkazyapti” jumlasi atroflicha o‘rganilib chiqildi va hech qanday taziq o‘tkazilmaganligi va ushbu masala yuzasidan ariza va shikoyatlar kelib tushmaganligi aniqlandi.

“Farg’onaazot” aksiyadorlik jamiyati Matbuot xizmati korxonaning barcha ishchi-xodimlarini karantin davridagi vaziyatlar bo‘yicha muammo va takliflari bo‘lsa, “Farg’onaazot” aksiyadorlik jamiyatining quyidagi ishonch telefoniga (73) 242-63-90 raqamiga murojaat etishlarini so‘rab qoladi.

“Farg’onaazot” AJ Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech