Ру O`z En

KORXONADA “28-APREL - BUTUNJAHON MEHNATNI MUHOFAZA QILISH KUNI” MUNOSABATI BILAN PSIXOLOG ISHTIROKIDA SEMINAR-TRENING TASHKIL ETILDI

“28-aprel - Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” har yili dunyo bo‘ylab yuzdan ortiq mamlakatlarda, shu qatori O‘zbekiston Respublikasida ham tantanali ravishda nishonlanadi.

Joriy yilda “Farg‘onaazot” AJda “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” doirasida aprel oyining so‘nggi haftasi “Mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik haftaligi” deb e’lon qilindi. Shu munosabat bilan korxonaning tarkibiy bo‘linmalarida “Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni” munosabati bilan ish joylarida mehnatni muhofaza qilish, xavfsizlik texnikasi qoidalarini takomillashtirish, shikastlanishlar va baxtsiz hodisalarning oldini olish va yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Amalga oshirilayotgan tadbirlar doirasida joriy yilning 23-aprel kuni Sanoat, xavfsizlik, atrof-muhitni muhofaza qilish va xavfli ishlab chiqarish obyektlarini sanoat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan korxona xodimlari uchun seminar-trening tashkil etilib, unda sex va boshqarmalar vakillari ishtirok etishdi.

Seminarni boshqarma boshlig‘i Abduraxmanov Fayzullo Abdullaevich kirish so‘zi bilan ochib berdi. Xususan, Fayzullo Abdullaevich o‘z nutqida seminar ishtirokchilariga Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kunining ta’sis etilishi tarixi, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolar tomonidan salomatligi va mehnatini muhofaza qilish borasida o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik va me’yoriy-huquqiy hujjatlar haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, ma’ruzachi o‘z nutqi davomida korxona ishchi va xizmatchilari tomonidan mehnatni muhofaza qilish va xavfsizlik texnikasi bo‘yicha qoidalar, me’yoriy hujjatlar va yo‘riqnomalar talablariga rioya etish masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdi.

Seminar-trening dasturiga ko‘ra navbatdagi so‘z korxona psixologi Ergasheva Nargizaxonga berildi.

Psixolog tomonidan “Ishchi-xodimlar o‘rtasida stress, emotsional buzilish holatlarini oldini olish hamda xodimlar o‘rtasida sog‘lom ruhiy muhitni yanada  yaxshilash” mavzusida tayyorlangan trening hech kimni befarq qoldirmadi.

Trening davomida jamiyatda shaxs sifatida o‘ziga psixologik himoya vositalarini qo‘llash, kasbiy professional charchoqning keltirib chiqaruvchi ijtimoiy – psixologik omillar, stress va charchoq natijasida, zo‘riqish, holdan toyish holatlarida o‘z-o‘zini psixologik himoya qilish bo‘yicha mashqlar va tavsiyalar berildi. Psixologik treningda ishchi-xodimlar faol qatnashdilar, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar olishdi va taklif mulohazalarni berishdi.

 

 

                                                                           “Farg‘onaazot” AJ Matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech