Ру O`z En

KORXONADA “XAVFSIZ KIBER­MAKON” OYLIGI DOIRASIDA SEMINAR TASHKIL ETILDI

Bugun, korxonaning majlislar zalida kiberjinoyatchilikning oldini olishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir mamlakat bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Xavfsiz kiber makon” oyligi doirasida, Jamiyatning Tartib-maxfiy boshqarmasi tashabbusi bilan hamda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda huquqni muhofaza qilish organlari vakillari – Farg‘ona viloyati IIB podpolkovnigi Abdurahim Eminov, IIB kiberxavfsizlik bo‘limining yetakchi mutaxassisi, katta leytenant Kamronbek Qurbonov va DXX xodimi Zulfiqor Yo‘lchiyevlar ishtirok etdilar.

Ma’ruzachilar kiberjinoyatlar xususida amaliy misollar keltirib, turli firibgarliklardan himoyalanish yo‘llarini batafsil tushuntirdilar. Tadbir davomida namoyish etilgan slaydlar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shuningdek, xodimlarga maxsus axborot eslatmalar ham tarqatildi.

Seminarning asosiy maqsadi xodimlarning raqamli xavfsizlik bo‘yicha bilimlarini oshirishdan iborat bo‘ldi. Unda ishtirokchilarga turli ilovalar va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish qoidalari tushuntirildi, shaxsiy ma’lumotlar hamda elektron pochtani himoya qilish borasida tavsiyalar berildi.

Qolaversa, virtual firibgarlik, soxta axborot tarqatilishining oldini olish, onlayn qimor o‘yinlari va bank kartalaridan xavfsiz foydalanish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Seminar samarali va mazmunli tarzda o‘tdi. Korxona xodimlari zamonaviy kiberxavflar va ularning oldini olish choralariga oid foydali bilimlarga ega bo‘ldi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech