UMUMXALQ XAYRIYA HASHARIDA KORXONAMIZ FAOL ISHTIROK ETDI
Bugun mamlakatimiz bo‘ylab keng ko‘lamli umumxalq xayriya hashari o‘tkazilmoqda. Mazkur ijtimoiy ahamiyatga ega tashabbusda korxonamiz jamoasi ham faol ishtirok etib, hududlarni obodonlashtirish va ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlarni amalga oshirdi.
“Yurt obodligi, avvalo, mahalladan boshlanadi!” shiori ostida tashkil etilgan xayriya hashari doirasida jamiyat xodimlari ko‘tarinki kayfiyat bilan hududlarni obodonlashtirish ishlarini olib bordi.
Jumladan, korxona hududi va unga tutash maydonlarda kompleks tozalash ishlari amalga oshirilib, yo‘l chetidagi bordyurlar oqlandi, hududlar maishiy chiqindilar hamda begona o‘tlardan tozalandi.
Shuningdek, mamlakatimizda keng ko‘lamda amalga oshirilayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida daraxtlarga ishlov berilib, yangi ko‘chatlar ekildi. Bu esa yashil hududlar ulushini oshirish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda qulay ekologik muhitni shakllantirishga xizmat qiladi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati