Ру O`z En

“DOLZARB 30 KUN” DOIRASIDA YONG‘IN XAVFSIZLIGI BO‘YICHA NAVBATDAGI O‘QUV-AMALIY MASHG‘ULOT O‘TKAZILDI

“Dolzarb 30 kun” doirasida “Ammiak-3” sexidagi ammiak quyish shoxobchasida shartli ravishda sisterna shlangi yorilishi natijasida ammiakning sizib chiqishi bilan bog‘liq holat yuz berdi. Ssenariyga ko‘ra, bir necha xodim shartli ravishda jarohatlandi va zaharlandi. Bu holat favqulodda evakuatsiya va zaharlangan hududni zudlik bilan lokalizatsiya qilish zaruratini keltirib chiqardi.

Mashg‘ulotlar Sanoat xavfsizligi boshqarmasi tomonidan tashkil etildi. Unda Qutqaruv otryadi, DSDS, FVB OYXTTEB, shuningdek Farg‘ona viloyati IIB huzuridagi alohida qo‘riqlash bataloni xodimlari hamkorlik qildi.

Mashg‘ulotning asosiy maqsadi – xodimlarda xavfli modda sizib chiqish holatida to‘g‘ri harakat qilish, evakuatsiya tartibini bilish, professional qutqaruvchilar kelguniga qadar o‘zini qanday tutish va yong‘inni o‘chirishning dastlabki vositalaridan foydalanish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

“Bunday mashg‘ulotlar nafaqat xodimlarimizning tayyorgarlik darajasini tekshirishga, balki favqulodda xizmatlar bilan hamkorlikni takomillashtirishga ham yordam beradi. Bu har bir xodim xavfsizligi va korxona barqaror ishi uchun muhim omildir”.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech