Ру O`z En

“Kasb mahorati – 2025”: Eng mahoratli chilangarlar aniqlandi!

11-noyabr — Kasaba uyushmalari kuni hamda kasaba uyushmalari tashkil topganining 120 yillik yubileyi munosabati bilan korxonamizda o‘tkazilayotgan “Kasb mahorati – 2025” ko‘rik-tanlovining navbatdagi yo‘nalishi — “Eng yaxshi mahoratli chilangar” tanlovi Jihozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash sexida bo‘lib o‘tdi.

Tanlov nizomiga muvofiq, ko‘rik-tanlov ikki bosqichda tashkil etildi:

1- Test sinovlari — ishtirokchilar mashinasozlik, texnik chizmachilik, mehnat muhofazasi, asbob-uskunalarning ishlash prinsiplari hamda ta’mirlash texnologiyalari bo‘yicha o‘z nazariy bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

2 - Amaliy mashg‘ulotlar — chilangarlar metall detallarni qayta ishlash, uzellarni montaj va demontaj qilish, armaturalarni sozlash, hamda texnik diagnostika bo‘yicha o‘z mahoratini namoyon etdi.

Ushbu tanlovda korxonaning turli sexlarida o‘z xizmat vazifasini bajarib kelayotgan yosh chilangarlar ishtirok etishdi. Ularning har biri yuqori kasbiy malaka, aniqlik, texnik tafakkur va ishlab chiqarish madaniyatining yuksak namunalarini ko‘rsatdi.

Tanlov yakuniga ko‘ra natijalar quyidagicha taqsimlandi:

1 – o‘rin Mahmudjon Aripdjanov — Jihozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash sexi chilangari

2 - o‘rin Bobomurod Asqarov — Xlorat-magniy defoliant sexi chilangari

3 - o‘rin Azizbek Abduraxmonov — Jihozlarni markazlashtirilgan ta’mirlash sexi chilangari

Barcha g‘olib va sovrindorlarni chin dildan tabriklaymiz! Sizlarning mehnatsevarligingiz, texnik tafakkuringiz va aniqlikka asoslangan yondashuvingiz korxonaning ishonchli ishlab chiqarish jarayonini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eslatib o‘tamiz, “Kasb mahorati – 2025” ko‘rik-tanlovining barcha g‘oliblarini taqdirlash marosimi yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadi.

 

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech