MEHNAT JAMOASI SHARTNOMASI IJROSI YUZASIDAN HISOBOT KONFERENSIYASI O‘TKAZILDI
Korxonamizda 2023–2025-yillarga mo‘ljallangan jamoa shartnomasining 2025-yil yakunlari bo‘yicha bajarilishga bag‘ishlangan mehnat jamoasi konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Konferensiyada jamiyat boshqaruvi raisi G‘ulomjon Soliyev, O‘zbekiston kimyo va farmatsevtika sanoati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika Kengashi raisi o‘rinbosari Ibrohim Isoqov, Respublika kengashi mehnat-huquq inspektori Mirsulton Abbosov, Kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisi Ilhom Abduvohidov, shuningdek tarkibiy bo‘linmalar rahbarlari va saylangan delegatlar ishtirok etdi.
Tadbir boshida konferensiya Rayosati tarkibi ochiq ovoz berish yo‘li bilan shakllantirildi. Undan yuqori tashkilot va korxona rahbariyati vakillari o‘rin oldi, bu esa qarorlar qabul qilish jarayonida manfaatlar muvozanatini ta’minlashga xizmat qildi.
Konferensiya kun tartibiga muvofiq, boshqaruv raisi hamda kasaba uyushmasi qo‘mitasi raisining jamoa shartnomasining ijrosi bo‘yicha yillik hisobotlari tinglandi. Hisobotlarda mehnat sharoitlarini yaxshilash, xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, mehnatni muhofaza qilish tizimini takomillashtirish, rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish hamda ijtimoiy paketni kengaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar atroflicha yoritib berildi.
Shuningdek, delegatlar tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalar asosida jamoa shartnomasining bajarilish darajasi kompleks baholanib, uning ijrosi qoniqarli deb topildi. Mazkur holat yuzasidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, tasdiqlandi.
Shu bilan birga, yig‘ilish davomida 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan yangi jamoa shartnomasi loyihasi ham keng muhokama qilindi. Loyihani takomillashtirish jarayonida ishtirokchilarning taklif va tavsiyalari inobatga olinib, kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati