Ру O`z En

Ta’lim muassasalari va korxona o‘rtasidagi ishlash tizimi

O‘zbekiston Respublikasi Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Farg‘ona shahar 1-sonli ixtisoslashtirilgan maktab-internatining “Farg‘onaazot” AJ bilan hamkorlik tadbirlarini yanada takomillashtirish to‘g‘risidagi tuzilgan Memorandumga muvofiq joriy yilning 10-noyabr kuni jamiyat faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida, maktab-internatining tabiiy (kimyo-biologiya) fanlarga ixtisoslashtirilgan 10-sinf o‘quvchilari tashrif buyurishdi.

 Korxona faoliyati, ya’ni, ishlab chiqarish jarayoni, mahsulot turlari va ularning qishloq xo‘jaligidagi o‘rni haqida o‘z bilim va malakalarini oshirish uchun kelgan o‘quvchilar, avvaliga jamiyatda harakatlanish qoidalari, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rsatmalar olishdi. Fuqarolar muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari o‘z sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida so‘zlab berishdi hamda korxonada joylashgan panogohlardan birini tuzilishi, jihozlanishi va qanday maqsadlarda foydalanishi to‘g‘risida tanishtirib o‘tishdi.

FM va FV obyektlari bilan tanishuvdan so‘ng o‘quvchilar, tashrif dasturiga muvofiq korxonaning markaziy kimyo laboratoriyasiga yo‘l olishdi. O‘quvchilar u yerda laboratoriya jihozlari, kimyoviy moddalar, olib borilayotgan kimyoviy tahlillar to‘g‘risida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lishdi. Shu o‘rinda, jamiyat muzeyiga kirib korxonaning boy va shonli tarixi bilan tanishdilar. Muzeyda ko‘zdan kechirgan korxona qurilishini, o‘tmishdagi faoliyatini aks etiruvchi tarixiy voqealar bilan bog‘liq turli ko‘rgazmalar, eksponatlar, tarixiy albomlar, ishchi-xodimlar tomonidan qo‘lga kiritilgan kubok va sovrinlar o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘quvchilarda, ayniqsa, korxonaning qutqaruv otryadi xodimlarining o‘z ko‘nikma va mahoratlarini amaliy mashg‘ulotda namoyon etishlari katta qiziqish uyg‘otdi.  Yuqori saviyada tashkil etilgan tashrif o‘quvchilar uchun har tamonlama qiziqarli va ma’lumotlarga boy bo‘ldi.

 

 

“Farg‘onaazot” aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech