FAVQULODDA VAZIYATLARDAN MUHOFAZA QILISH VA FUQARO MUHOFAZASI OYLIGI DOIRASIDA KORXONADA O‘QUV SEMINAR TASHKIL ETILDI
Bugun korxonamizning faollar zalida “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish va fuqaro muhofazasi oyligi” doirasida o‘quv seminar tashkil etildi.
Ushbu tadbirda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakillari va yaqin hududlardagi ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Seminarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad, korxonada Fuqarolar muhofazasi va favqulodda vaziyatlar sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, qutqaruv xizmatlarining faoliyati va ularning zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlanganligi bilan keng jamoatchilikni yaqindan tanishtirish, shuningdek, “Farg‘onaazot” AJda xabar berish va ma’lumot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimini taqdim etishdan iborat edi.
Tadbirni kirish so‘zi bilan korxona boshqaruv raisining investitsiyalar va innovatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Azamat Ismoilov ochib berdi.
O‘quv seminarni Fuqarolar muhofazasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Yusupov olib bordi. U o‘z ma’ruzasida seminar maqsadlari va korxonamizning fuqarolar muhofazasi va favqulodda vaziyatlar sohasidagi faoliyati haqida so‘zlab berdi, shuningdek, joriy yilda rejalashtirilgan va olib borilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Seminar davomida korxonada o‘tkazilgan qo‘mondonlik shtab mashg‘ulotlari aks ettiruvchi videoroliklar namoyish etildi.
AKT, TJ ABT va metrologiya boshqarmasining yetakchi muhandisi Muxriddin Ahmedov “Farg‘onaazot” AJda xabar berish va ma’lumot yetkazishning avtomatlashtirilgan tizimi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi hamda uning texnik xususiyatlari va imkoniyatlarini ko‘rsatuvchi slaydlar namoyish etildi.
Tadbirga kelgan mehmonlarga barcha kerakli jihozlar bilan ta’minlangan yong‘in va qutqarish otryadlari, ko‘ngilli tibbiyot drujinalari, shuningdek, obyektni himoya qiluvchi Idoraviy harbiylashtirilgan qo‘riqlash xizmati va Milliy gvardiya xizmatchilari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Seminar yong‘in va qutqaruv texnikalari namoyishi bilan yakunlandi. Korxonada tashkil etilgan o‘quv seminari, ishtirokchilarga yana bir bor korxonamizning favqulodda vaziyatlarga tayyorgarligini amalda baholash va soha mutaxassislarga o‘zlarini qiziqtirgan savollari bilan murojaat etish imkonini berdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati