“KIMYOGARLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN BAYRAM DASTURXONI YOZILDI
Farg‘ona shahri, Qirg‘uli mavzesida joylashgan “Visol” tantanalar majmuasida “Kimyogarlar kuni” munosabati bilan bayram tadbiri o‘tkazildi. Tadbir doirasida bayramona dasturxon yozilib, mehmonlar uchun ko‘ngilochar chiqishlar va raqslar namoyish etildi.
Bayramni jamiyat boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Umidillo Ismatillayevich ochib berdi. U o‘z tabrik so‘zida barcha xodimlarni kasb bayrami bilan samimiy qutlab, ularning kimyo sanoati va korxona rivojiga qo‘shayotgan hissasini alohida e’tirof etdi hamda minnatdorchilik bildirdi.
So‘ng uzoq yillar davomida korxonada samarali faoliyat yuritib kelayotgan, fidokorona mehnati bilan boshqalarga o‘rnak bo‘lgan bir guruh ishchi-xodimlar Kasaba uyushmasi tomonidan qimmatbaho sovg‘alar va faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar.
Tadbirning badiiy qismi sifatida Marg‘ilon shahar Musiqali maqom teatri ijodiy guruhi tomonidan tayyorlangan o‘zbek xalq qo‘shiqlaridan iborat konsert dasturi namoyish etildi. Mazkur chiqishlar barcha ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati