“XO‘JALIK” SEXIDA PROFILAKTIK TADBIR O‘TKAZILDI
Korxonaning “Xo‘jalik” sexida favqulodda vaziyatlarni oldini olish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan kompleks profilaktik tadbir tashkil etildi. Tadbir jamiyatning Tartib-maxfiy boshqarmasi hamda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari hamkorligida o‘tkazildi.
Mashg‘ulotlar davomida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida sanoat xavfsizligi talablariga rioya qilish va yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Xodimlarga yong‘in, is gazidan zaharlanish, gaz-havo aralashmasining chaqnashi kabi xavf omillari, shuningdek birlamchi o‘t o‘chirish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha amaliy tushuntirishlar berildi.
Bundan tashqari, kimyoviy moddalardan zaharlanishlarning oldini olish, olovli ishlarni xavfsiz tashkil etish, texnika va mehnat muhofazasi qoidalariga qat’iy amal qilish yuzasidan interaktiv davra suhbati o‘tkazildi. Barcha jarayonlar xodimlar ishtirokida amaliy tarzda namoyish etildi.
Mazkur tadbirning asosiy maqsadi — xodimlarni kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlash, ishlab chiqarish jarayonlarida xavfsizlik madaniyatini yuksaltirish hamda favqulodda vaziyatlar ehtimolini minimallashtirishdan iborat.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati