“DOLZARB 30 KUN” DOIRASIDA YONG‘IN XAVFSIZLIGINI TA’MINLASH BO‘YICHA TADBIR TASHKIL ETILDI
Avval xabar berilganidek, jamiyatimizda “Dolzarb 30 kun” doirasida yong‘in xavfsizligini ta’minlash maqsadida bir qator amaliy va profilaktik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bugun, jamiyatning Soda sexida Sanoat xavfsizligi boshqarmasi, Qutqaruv otryadi, DSDS hamda FVB OYXTTEB xodimlari hamkorligida xavfli ishlab chiqarish obyektlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirish hamda sanoat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha o‘quv-amaliy taktik mashg‘uloti tashkil etildi.
Mazkur mashg‘ulot davomida jamiyatning Soda sexi 149-binosidagi E-3 qurilmasi quvuri yorilishi oqibatida katta miqdorda sulfat kislotasi sizib chiqishi bilan bog‘liq shartli avariya holati yuzaga keltirildi.
Ushbu holat yuzasidan jabrlangan ishchilarni qutqarish, odamlarni zararli modda tarqalgan hududdan olib chiqish va avariyani bartaraf etish rejasi asosida tezkor xizmatlar – qutqaruv otryadi, yong‘in qutqaruv qismi, tibbiy xizmat hamda harbiylashtirilgan qo‘riqlash bo‘limlari jalb qilindi.
Shuningdek, tadbir doirasida ishchi-xodimlar bilan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘inlar, is gazidan zaharlanish holatlari, gaz-havo aralashmalarining chaqnashi hamda olovga va gazga xavfli ishlarni xavfsiz olib borish tartiblari yuzasidan profilaktik davra suhbati ham o‘tkazildi.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati