TA’MIRLASH - QURILISH SEXIDA IJOBIY FIKRLASH MAVZUSIDA PSIXOLOGIK SEMINAR-TRENING O‘TKAZILDI
Joriy yilning 7-oktabr kuni Ta’mirlash - qurilish sexining Ma’naviyat xonasida xodimlar uchun navbatdagi psixologik seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbirni korxona psixologi Nargizaxon Abdusattarovna Ergasheva tashkil etdi. Unda Ta’mirlash - qurilish sexi hamda Mexanikaviy-ta’mirlash sexi xodimlari ishtirok etishdi. Shuningdek, treningda Ijtimoiy rivojlanish va jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi Umidaxon Axunjonova ham qatnashdi.
Mazkur seminar “Pozitiv fikrlashni shaxs ruhiyatiga ta’siri” mavzusiga bag‘ishlanib, ijobiy fikrning inson ruhiy holatiga, mehnat unumdorligiga hamda ishlab chiqarish jarayonidagi xavfsizlikni ta’minlashga ko‘rsatadigan ta’siri atroflicha yoritildi.
Tadbir davomida xodimlar “Orzular estafetasi”, “Motivatsion sherik”, “Kulgu terapiyasi”, “Orzular devori” va “Shukuronalik hissi” kabi interaktiv mashg‘ulotlarda faol ishtirok etishdi. Ushbu amaliy mashg‘ulotlar orqali ular salbiy fikrlarni ijobiy yo‘nalishga o‘zgartirish, ish jarayonida ruhiy barqarorlikni saqlash va jamoada iliq, samimiy muhit yaratish bo‘yicha ko‘nikmalarga ega bo‘ldilar.
Seminar yakunida psixolog tomonidan ishtirokchilarga mehnat faoliyatida ijobiy yondashuvni shakllantirish, jamoaviy birdamlikni kuchaytirish hamda hayotda ijobiy fikrni doimo saqlashga oid foydali tavsiyalar berildi.
Bunday psixologik treninglar xodimlarning ruhiy holatini mustahkamlash, mehnat unumdorligini oshirish va korxonada sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.
“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati