Ру O`z En

YANGI TAHRIRDAGI MEHNAT KODEKSINING USTUNLIGI NIMADA?

Jamiyatimizning majlislar zalida, ishchi-xodimlarini yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi bilan yaqindan tanishtirish, uning qabul qilinishi, mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

Seminarda korxona rahbariyati, bo‘lim va sex boshliqlari, kasaba uyushmasi yetakchilari hamda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqish va qabul qilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Raxmonaliyev Baxrom Ma’rufjonovich, Qudratov Inomjon Sattorqulovich, Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devoni ma’sul hodimi, yuristkonsulti Ollaberganov Nurali Baxromovich, Oliy Majlisi Senati a’zosi Salimova Manzura Alimovna, shuningdek, ularga hamrohlik qilgan Farg‘ona viloyati Bandlik bosh boshqarmasi mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘i Toshaliyev Xabibullo, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasining Farg‘ona viloyati Kengashi mehnat huquq inspektori Abdullajonova Feruzaxon Abduxalil qizilar,  ishtirok etishdi.

Mehnat kodeksi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 135-bandiga asosan ishlab chiqilganligi alohida ta’kidlandi. Mehnatga oid ushbu qonunlar to‘plamini qabul qilishda 10 dan ortiq xalqaro va nodavlat tashkilotlar ishtirok etganligi, Xalqaro mehnat tashkiloti Konvensiyalari va xorijiy davlat tajribasi o‘rganilganligi aytib o‘tildi. Bundan tashqari, yangi kodeksni ishlab chiqishda xalqaro tashkilotlar mutaxassislari, ish beruvchilari, kasaba uyushmalari va tadbirkorlik subyektlari vakillari jonbozlik ko‘rsatib, regulation.gov.uz portalida har bir band muhokama qilinganligi va natijada fuqarolar tomonidan 93 ta takliflar berilganiganligi to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Seminarda so‘zga chiqqan notiqlar Mehnat kodeksi xodimlar, ish beruvchi va davlat manfaatining muvozanatini ta’minlashi hamda ularni muvofiqlashtirishi asosida yakka tartibdagi mehnatga oid va ular bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solinishi alohida ta’kidlab o‘tishdi. Ushbu hujjatning maqsad va vazifalari, uning alohida jihatlari to‘g‘risida senator va deputatlar yaqqol misollar va tayyorlangan slaydlar yordamida seminarda ishtirokchilariga tushuntirib o‘tdilar.

Seminar ma’lumotlarga boy va qiziqarli o‘tdi. Unda korxona xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga to‘liq javoblar olishdi.

Aytib o‘tish joizki, bozor iqtisodiyoti sharoitida yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi mamlakatimizdagi mehnat munosabatlarini takomillashtirishga, “Inson qadri uchun” degan bosh tamoyil asosida mamlakatimizda inson va uning qadrini ulug‘lashga, mehnatini qadrlash va fuqarolarning turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.   

 

“Fargonaazot” АJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech