Ру O`z En

ALOQA SEXIDA PSIXOLOGIK TRENING: XODIMLARNING EMOTSIONAL BARQARORLIGINI MUSTAHKAMLASH YO‘LIDA

Korxonaning Aloqa sexi xodimlari uchun “Psixik energiya va hissiy charchoqning psixologik omillari” mavzusida zamonaviy yondashuvlarga asoslangan psixologik seminar-trening tashkil etildi. Mazkur trening psixologiya fanlari doktori Nargizaxon Ergasheva tomonidan olib borildi.

Shuningdek, tadbirda Ijtimoiy bo‘limi mutaxassisi Umidaxon Axundjanova ham ishtirok etib, xodimlar bilan samarali kommunikatsiya va ijtimoiy-psixologik muhitni yaxshilashga oid muhim tavsiyalar berdi.

Seminar-trening davomida ishtirokchilarga psixologik barqarorlikni mustahkamlash, emotsional intellektni rivojlantirish hamda stress-menejment ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan nazariy va amaliy bilimlar yetkazildi. Xususan, quyidagi yo‘nalishlarda chuqurlashtirilgan tushunchalar berildi, psixik energiya resurslarini samarali boshqarish, stress omillarini identifikatsiya qilish va ularni bartaraf etishning ilmiy asoslangan usullari, harakat faolligi orqali psixoemotsional holatni optimallashtirish hamda ijtimoiy-psixologik iqlim va ijobiy kommunikatsiyaning xodim ruhiyatiga ta’siri to‘grisida so‘z yuritildi.

Trening interaktiv formatda tashkil etilib, unda relaksatsiya mashqlari, nafas olish texnikalari, qisqa psixologik diagnostika elementlari hamda guruhiy muhokamalar o‘tkazildi. Bu esa ishtirokchilarga o‘z ichki resurslarini anglash, hissiy holatini nazorat qilish va kundalik ish faoliyatida samaradorlikni oshirish imkonini berdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech