Ру O`z En

SODA SEXIDA PSIXOLOGIK SEMINAR-TRENING TASHKIL ETILDI

Soda ishlab chiqarish sexida xodimlarning emotsional farovonligi va psixologik barqarorligini oshirishga qaratilgan navbatdagi seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Tadbirni psixologiya fanlari doktori Nargizaxon Ergasheva olib bordi. Trening “Ortiqcha o‘ylash fenomeni, psixik energiya muvozanati va hissiy charchoqning psixologik mexanizmlari” mavzusida tashkil etilib, xodimlarda stress-menejment, emotsional intellekt va mental resurslarni boshqarish ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.

Mazkur tadbir Yoshlar ittifoqi yetakchisi Nurmurod Sirojov va Ijtimoiy rivojlanish hamda jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi mutaxassisi Umidaxon Axundjanova hamkorligida amalga oshirildi. Bu esa korxonada korporativ madaniyat, jamoaviy birdamlik va xodimlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kompleks yondashuvni namoyon etdi.

Seminar davomida ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda interaktiv mashg‘ulotlarda qatnashdilar, tana va psixikaning uyg‘un ishlash mexanizmlari, ongni tinchlantiruvchi va stressni kamaytiruvchi “mindfulness” hamda nafas olish texnikalari, psixofiziologik barqarorlikni oshirish usullari, salbiy emotsiyalarning inson ruhiyatiga ta’siri va ularni boshqarish strategiyalari, hamda jamoaviy muloqotda psixologik xavfsizlik va samarali kommunikatsiya tamoyillari.

Treningning amaliy qismi doirasida xodimlar emotsional faollikni tiklash, ruhiy tetiklikni oshirish va ichki resurslarni faollashtirishga qaratilgan bir qator psixotexnik mashqlarda ishtirok etdi. Jumladan: “Energiya banki”, “O‘ylama, harakat qil!”, “Teskari tafakkur”, “Fikrlar karuseli”, “Baxtli uzatma”, “Harakatdagi kayfiyat” kabi o‘yin-treninglar xodimlarni motivatsion yuksalishga undadi.

Ishtirokchilar o‘zaro ishonchni mustahkamlab, bir-biriga ijobiy fikrlar, motivatsion kayfiyat va quvonch ulashdilar. “Ertakka sayohat” energiya mashqi esa jamoada ichki uyg‘unlik, ruhiy yengillik va pozitiv muhitni yanada kuchaytirdi.

Seminar-trening xodimlarga nafaqat ijobiy emotsiyalar ulashdi, balki ularning, psixologik barqarorligini, stressga qarshi “psixologik immunitet”ini, ichki energiya balansini, mehnat jamoasidagi sog‘lom psixologik muhitni yaxshilashga ham samarali hissa qo‘shdi.

 

“Farg‘onaazot” AJ matbuot xizmati

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech